(+99871) 244-11-70      (+99871) 244-13-54 Mon-Fri: 08:00 - 17:00


Ishq qissasining yangi talqini


    08.09.2026

Jahon adabiyotidan “Layli va Majnun” singari ishqni teran va chuqur ifodalovchi asarni topish amri mahol. Garchi Uyg‘onish davrining buyuk san’atkori Uilyam Shekspir o‘zining “Romeo va Juletta” fojiasini “dunyodagi eng g‘amgin muhabbat qissasi” deya ta’riflagan bo‘lsa-da, Hazrat Navoiy tavsifidagi ishq – mutlaqo bo‘lak hodisa. Bu o‘rinda Navoiy va Shekspirni bejiz yonma-yon tilga olmadik. 2021-yilning adog‘ida O‘zbekiston davlat drama teatrida “Romeo va Juletta” tragediyasi atoqli rejissyor Olimjon Salimov tomonidan mahorat bilan sahnalashtirilgan edi. Ko‘p o‘tmay “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida taniqli adib Xayriddin Sultonning “Qish ichra bahor” sarlavhali maqolasi chop etilgandi. Unda muallif “Romeo va Juletta” asarini “Layli va Majnun” dostoni bilan qiyoslaydi, ikki daho shoir – Navoiy va Shekspir ijodining uzviy jihatlari, mushtarak o‘rinlarini g‘oyat bilgichlik, nuktadonlik ila tahlil qiladi. Ayni maqola teatr ijodkorlarini ruhlantirib yuboradi. Shu tariqa “Layli va Majnun”ni sahnalashtirish ishtiyoqi paydo bo‘ladi.

Ustoz adibimiz Xayriddin Sulton maqolada bildirilgan fikrlarning amaliy tashabbuskoriga aylandi, aynan uning g‘oyasi asosida O‘zbekiston davlat drama teatrida “Layli va Majnun” dostoni sahna yuzini ko‘rdi. Inssenirovka muallifi, taniqli shoir Ikrom Iskandar dostonning sahnaviy tilini topishga harakat qildi. Spektaklni O‘zbek Milliy akademik drama teatrining bosh rejissyori Asqar Xolmo‘minov sahnalashtirdi. Mazkur talqinda Navoiy ruhoniyati Shekspir ifodasi bilan uyg‘unlashtirildi, ya’ni spektaklda “Romeo va Juletta”dagi voqealar, tuyg‘ular, holat-u kechinmalarni yodga soluvchi sahnalarga guvoh bo‘lamiz. Bu shakl spektaklning asosiy konsepsiyasi – mohiyatini tashkil etadi: ikki asar ruhining tutashishi orqali ishqning chinakam qudrati, millat-u sarhad bilmas darajasi namoyon bo‘ladi.

Sahnalashtiruvchi rassom Mirjalol Holiqov asar falsafasi, ruhiyatidan kelib chiqib ramziylikka boy, konstruktiv dekoratsiyalar o‘ylab topadi. Markazda ikkita temir havoza, sahna devorlari esa tunuka bilan qoplangan. Temir havozalar syujet taqozosiga ko‘ra turli manzil-u makonni ifodalasa, tunuka devorlar asardagi dardchil, mungli muhitni kuchaytirishga, qahramonlarning munosabat (reaksiya)ini aks ettirishga xizmat qiladi. Ishq o‘tidan aziyat chekayotgan, yurak-bag‘ri azoblanayotgan oshiqlar shu devorlarni urib, tuyg‘ularini izhor qiladi, dardiga darmon istaydi.

Spektakl voqealarini hikoya qilib, tomoshabinni moziy ruhiyati, asar kechmishiga olib kiruvchi buyuk shoir Alisher Navoiy obrazi syujet rivojida muhim o‘rin tutadi. U roviy bo‘lib, dostonni sharhlaydi, shuningdek, oddiy bayonchi bo‘libgina qolmay, personajlarning taqdiri, xarakteri, maqsad-muddaosiga munosabat bildiradi. Roviy zulmat qaridan ko‘rinish berarkan, Ishq vodiysi uzra qadam qo‘yadi. U atrof yorishgach, dovot va qalamni olib, afsonani boshlaydi:

– Men turkcha boshlabon rivoyat,
 qildim bu afsonani hikoyat.
 Toki shuhrati jahonga to‘lgay,
 turk eliga ham bahra bo‘lgay...

Alisher Navoiy obrazini ijro etgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ilhom Berdiyev shoir ruhiyati, botiniy olamini vazminlik va jiddiyat ila, dramatizm, psixologik bo‘yoqlar uyg‘unligida ochib beradi. Uning holati, qiyofasi, ruhoniyati iztirobli ishq qissasini yanada teran, miqyosli his qilish imkonini beradi. Navoiy – Ilhom Berdiyev o‘zi yaratgan Layli va Majnun siymosiga nazar tashlarkan, ular timsolida chinakam ishq jununini ko‘radi.

Layli va Majnunning dunyoga kelishi spektaklda o‘ziga xos tarzda, ramziy yo‘sinda ko‘rsatiladi. Laylining ham, Majnunning ham yuzi oq mato ila o‘ralgan, asta shu matolar yechilib, har ikki qahramon yorug‘ dunyoga kelganiga ishora qilinadi. Spektakl ibtidosida bu ikki ishq muhiblarining azal-abaddan bir-biri uchun yaratilgani, ruhi, vujudi, qalbining vobasta ekani ayon bo‘ladi.

Qays (Majnun)ni ilk daf’a Layli ruxsoriga nazar tashlashi spektaklning eng hayajonli sahnalaridan biri bo‘lib, shu birgina nazar oshiq qismatini ostin-ustin qilib yuboradi, endi uning hayotidan halovat, osoyish yo‘qoladi. Ishq o‘ti qalbiga kirgach, vujudi alanga oladi, ko‘ziga Laylidan bo‘lak kimsa ko‘rinmaydi. Bu ne dardki, butun jismingni olov bo‘lib kuydirsa, yuragingni qilich ila tilka-pora qilsa?! Ishq ila xastalangan Qays shu kundan e’tiboran Majnunga aylanadi, dardning og‘rig‘idan ming hujayrasi o‘rtanib, “ishq...”, “ishq...” deya yozg‘iradi, har nafasi, sasidan oshiqlik azobi to‘kiladi.

Layli va Majnunning ilk uchrashuvi baayni Romeo va Julettaning baldagi ilk tanishuvini yodga soladi. Shekspir tragediyasida ham aynan shu voqea qahramonlar hayotini izdan chiqaradi, asardagi fojialarga zamin hozirlaydi. Ikki daho shoir ijodidagi assotsiativ bog‘liqlik spektakl talqiniga singdirilgan, buni ziyrak tomoshabin darhol fahmlaydi.

Bevosita bosh qahramonlarni gavdalantirgan yosh aktyorlar ijrosiga to‘xtalsak, ular ancha murakkab talqinda ko‘rinish beradi. Har ikki aktyorga oson bo‘lmagani rost, zotan, Hazrat Navoiy tasavvuridagi ishqning oliy maqomini ochib berish, Layli va Majnundek iztirobli, dardchil qahramonlarni talqin etish hazilakam vazifa emas. Biroq fikrimizcha, yosh aktyorlar – Husniya To‘ramurotova va Nodir Muhammadjonov bu jiddiy imtihondan yomon o‘tishmadi. Majnun obrazini talqin etgan Nodir Muham madjonov qahramonining botiniy olami, dard-u fig‘onini yurakdan kechiradi, dramatik holatlar, psixologik bo‘yoqlar, kechinma san’ati orqali obraz ruhiyati, xarakterini ochishga intiladi. Majnun – N.Muhammadjonov ishqqa asir, ruhi sarkash, ehtiroslari yoniq oshiq; aktyor obraz dinamikasini yuqori sur’atda, avj nuqtalarda ko‘rsatishga harakat qiladi, shu bois ancha kuch-quvvat, energiya sarflaydi. Laylini ijro etgan H.To‘ramurotova talqini xususida ham xuddi shu fikrni aytish mumkin. Aktrisa Laylining pok tiynati, botini, ruhiyatini psixologik kechinmalar ila, hissiyotlar uyg‘unligida ochib beradi; u Majnunning dardi, hijronlarini his etadi, har lahza yor sari intiladi. Ikki aktyor sahnada yaxshi tandemga aylandi, bir-birini xatti-harakatlar, nigohlar orqali tushunadi, anglaydi.

 Layli ishqida azob chekayotgan Majnun yorining uyi sari otlanadi. Ikki mahbub diydor ko‘rishadi. Bu xuddi “Romeo va Juletta”dagi balkon sahnasini yodga soladi. Majnun Layli visoliga yaqinlashish ilinjida peshayvonga sakrab osiladi, shu taxlit qalb kechinmalarini izhor qiladi. Ha, asli dunyodagi barcha ishq qissalari bir-biriga o‘xshaydi, tili, millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar, bu qudratli tuyg‘u barchani birdek asir etmoqqa qodir.

Spektaklda Majnunning ishqi tadrijiy tarzda, sahnama-sahna rivojlanib boraveradi, ya’ni qahramonning ruhiy evolyutsiyasi, xarakteri, ehtiroslari borgani sari kuchayib, avj nuqtasiga yetadi. Majnunning jununvash qiyofasi, xasta holini ko‘rib, sarosimaga tushgan otasi uni Ka’ba ziyoratiga yuborishni maqsad qiladi. Shu chora ila o‘g‘lini darddan forig‘ etmoqqa urinadi. Majnunning haj ibodatiga yuborilishi spektaklda o‘ziga xos ta’sirchan ifodalar orqali ko‘rsatiladi. Uning qo‘l-oyog‘i bog‘lanib, kuch bilan ortga tortiladi, ishq xaridori Baytullohga yo‘l oladi. Sahna markazidagi temir havoza Ka’ba ko‘rinishiga keladi. Majnun Allohning uyini tavof qilib, unga munojot qiladi:

– Ey, ishq o‘tin urgan xirmonimga,
 xirmon neki, tan birla jonimga,
 sen meni oqillarga xos qil, demasman,
 yoki ishq dardidin xalos qil, demasman.
 Dermanki, menga bu o‘tni har dam
 bisyor qilsang qil-u, qilma zarra kam!
 Ko‘nglimni g‘am birla to‘q ayla, yo Rab!
 Ishq ichra meni yo‘q ayla, yo Rab!

Ya’ni Majnun Yaratgandan ishqini ziyoda qilishni so‘raydi. U munojot qilar ekan, atrofdagi insonlar ham “Omin” deya jo‘r bo‘lishadi. “Ko‘nglimni g‘am birla to‘q ayla, yo Rab! Ishq ichra meni yo‘q ayla, yo Rab!” satrlari bamisoli shiorga aylanib, Majnundagi jununvashlik, ehtiros-u otashni kuchaytiradi. Yana temir havozalar ortida o‘tirgan sozanda va xonandalarning mungli, qayg‘uli ijrosi oshiqning iztiroblari, faryodini, spektaklning harorati, hissiy koloritini quyuqlashtirishga xizmat qilgan. Darhaqiqat, spektakl g‘oyasini yuzaga chiqarishda sozandalar jamoasi aktyorlardan kam mehnat qilgani yo‘q. Ularning ijrosi Navoiy g‘oyalarini teran anglashga, ishqning nozik qirralarini chuqurroq his qilishga imkon beradi.

Spektakldagi xarakterli obrazlardan yana biri Majnunning do‘sti Ibn Navfaldir. Majnunning ishq dardiga mubtalo bo‘lib, aqldan ozayotgani va Laylining otasi bu muhabbatga qattiq qarshi ekaniga guvoh bo‘lgan Navfal Bani Omir qabilasining ustiga qo‘shin tortishga qaror qiladi. Ot choptirib ketayotgan qo‘shin aktyorlar tomonidan plastik xatti-harakatlar orqali ko‘rsatiladi. Navfal Bani Omir qabilasi askarlarini tiz cho‘ktirib, zafar quchayotgan palla Laylining otasi qizini hayotiga qasd qilish bilan tahdid qiladi. Natijada, Majnun Ibn Navfaldan jangni to‘xtatishni va ortga qaytishni so‘rab, yalinib-yolvoradi. Do‘stining tilka-pora bo‘layotgan qalbini ko‘rgan Navfal noiloj rozi bo‘ladi. Ibn Navfal obrazini ijro etgan aktyor Azamat Hazratqulov qahramonini mard, jasur, kurashuvchan, do‘sti manfaati uchun har narsaga tayyor inson o‘laroq talqin etadi.

Shuningdek, spektakldagi boshqa personajlarni ijro etgan aktyorlar ham o‘z qahramonlarining fe’l-u sajiyasini aks ettirishga harakat qiladi. Xususan, Laylining otasini talqin etgan taniqli aktyor Shukrullo So‘fiyev otadagi qo‘rslik, badjahllik, manmanlikni ishonarli ko‘rsata bilgan. Doya kampir obrazini gavdalantirgan aktrisa Gavhar Hakimova ijrosida baayni “Romeo va Juletta”dagi enagani ko‘rgandek bo‘lamiz. Uning xatti-harakatlari, mimikasi beixtiyor Shekspir qahramonini eslatadi va bu ham ongli ravishda ijro etiladi.

Spektaklning final sahnasi: bu dunyoda bir-birining vasliga yetolmagan Layli va Majnun alam-u armon ila, boqiy dunyo ilinjida yorug‘ olamni tark etadi. Temir havozalar birlashib, tobutga aylanadi, atrofi oq mato bilan qoplanadi. Ikki ishq muhibi bir kafanga o‘ralib, bir tobutga solinadi. Shu tariqa ular ham ruhan, ham jisman birlashadi. Bunday yechim Hazrat Navoiy g‘oyasiga ham monand bo‘lib, dostonning butun falsafasi, mohiyatini ochib beradi. Spektakl xotimasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Munojot Teshaboyeva tomonidan kuylangan ishq haqidagi mungli, iztirobli qo‘shiq asardagi dard, og‘riqni, talqinning badiiy-emotsional ta’sirini kuchaytirishga yordam bergan.

Liboslar bo‘yicha rassom Ra’no Xayriddinova yaratgan liboslarda dostonning falsafasi va estetikasiga muvofiq ravishda sharqona an’ana, so‘fiyona ramz va zamonaviy minimalizm uyg‘unlashgan. Liboslar shunchaki tarixiy rekonstruksiya vazifasini bajaribgina qolmay, rejissyorlik talqini, spektaklning g‘oyaviy konsepsiyasini ochib berishga ko‘mak beradi. Ayniqsa, Layli va Majnun uchun tanlangan liboslar o‘ziga xos. Layli libosidagi oq, kulrang va yengil ipaksimon matolar uning pok tiynati, sof vujudiga ishora qilsa, Majnunning egnidagi oq, qumrang liboslarda ishq nafasi va rivojini ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston davlat drama teatrida sahnalashtirilgan “Layli va Majnun” spektakli go‘zal ishq dostonining o‘ziga xos talqiniga aylandi. Spektakl ijodkorlari turli eksperimentlardan foydalangan holda, mumtoz asarning yangicha shakl-u ifodasini topishga muvaffaq bo‘lishdi. Umid qilamizki, spektakl teatr repertuaridan muqim va munosib o‘rin egallab, xalqimizni, yosh avlodni Navoiy dahosi va ruhoniyatiga oshno etadi.

Shohrux ABDURASULOV,
 san’atshunoslik fanlari bo‘yicha
 falsafa doktori (PhD), dotsent