Matyakubova Go‘zal Saliyevna Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining “Oliy adabiyot” kursida, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining “Sahna va ekran san’ati dramaturgiyasi” bo‘limida, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining magistratura bosqichida tahsil olgan.
U Go‘zaloy Matyoqubova va Go‘zaloy Solih qizi nomi ostida ijod qiladi.
Uning turli yillarda “Xayol so‘qmog‘i” (2009-yil) she’riy to‘plami, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Birinchi kitabim” loyihasida “Mehr rishtasi” (2010-yil) hikoyalar to‘plami, “G‘oliba” (2019-yil) qissa va hikoyalar to‘plami chop etilgan. Shuningdek, ijod namunalari “Yoshlar kitobi”, “Yoshlik bahori”, “Joziba”, “Kaftdagi nihol”, “Orzu va dengiz” va boshqa o‘zbek antologiyalari hamda Ozarbayjonda chop etilgan Butun islom o‘lkalarining “Sevgi fesli”, “Qelbimiz bir doyunur” deb nomlangan antologiyasiga kiritilgan. She’r va hikoyalari rus, turk, ozarbayjon, ingliz, vetnam tillariga tarjima qilingan va chop etilgan.
Yozuvchining ssenariylari asosida Muhammadrizo Ogahiy haqida “Ogahiy” (2021-yil) hujjatli filmi, engil atletika bo‘yicha jahon chempioni Asila Mirzayorova haqida “Asilaning jasorati” (2022-yil) hujjatli filmi hamda Suriyadagi bolalar hayoti haqida “Hali urush tugamadi” (2021-yil) qisqa metrajli filmi suratga olingan. “Hali urush tugamadi” qisqa metrajli filmi “Debyut — 2021” yosh kinematograflar tanlovida gran-prini qo‘lga kiritgan.
O‘zbekiston davlat drama teatrida “Turkiston bolalari” (2023-yil), “Hukm” (Adolat) (2024-yil) pyesalari sahnalashtirilgan. Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri va Indoneziyaning “Bumi Purnati” teatri hamkorligida sahnalashtirilgan “Imom Buxoriy va Sukarno” (2024-yil) pyesasi muallifi. 2025-yilda “Nigoh” dramaturgalar tanlovida “Xumoy” pyesasi bilan g‘olib bo‘lgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.