2025-yil 13-sentyabr kuni O‘zbekiston davlat drama teatrida yangi – 57-mavsumning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu muhim sanada teatr san’ati ixlosmandlari, san’atkorlar, OAV vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdilar.
26411 14.09.2025
Marosimni O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Baxodir Madjitovich Axmedov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, teatr san’atining jamiyat ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi beqiyos o‘rni haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Bahodir Yo‘ldoshev tavalludining 80-yilligi hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, iste’dodli teatr rassomi Georgiy Brimning 90-yilligi munosabati bilan ularning san’at va madaniyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan xizmatlari hurmat va ehtirom bilan yodga olindi.
Shuningdek, O‘zbekiston davlat drama teatri badiiy rahbari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Olimjon Salimov hamda teatr direktori Otabek Jo‘rayev so‘zga chiqib, san’at ahliga, tomoshabinlarga minnatdorlik izhor qildilar hamda 57-mavsumni ochiq deb e’lon qildilar. Ularning samimiy tilaklari va qo‘llab-quvvatlashi teatr jamoasiga katta ilhom bag‘ishladi.
Marosimning badiiy qismida esa yozuvchi Said Ahmad qalamiga mansub, milliy dramaturgiyamizning yorqin namunalaridan biri bo‘lgan “Ufq” spektakli sahnalashtirildi. Mazkur asar tomoshabinlar qalbida chuqur taassurot qoldirib, yangi mavsumning yuqori saviyada boshlanishiga zamin yaratdi.

