(+99871) 244-11-70      (+99871) 244-13-54 Du-Ju: 08:00 - 17:00


Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish choralari belgilandi


25302     23.11.2024

   Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-noyabr kuni madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirish, xususan, teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yana-da qo‘llab-quvvatlashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

   Bu haqda o‘tgan yil 22-dekabrda bo‘lgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yig‘ilishida aytilgan edi. Mutasaddilar shu borada ishlab chiqilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berdi.

   Unga ko‘ra, 2025-2030-yillarda teatrlarda “Milliy qahramon” va “Inson qadri uchun” mavzularida 32 ta turkum spektakllar yaratish taklif etilmoqda.

   Sahna asarlarini yaratishda ijodiy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash, dramaturgiya va rejissyorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Xususan, teatr dramaturglari uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy, yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofotlarni taʼsis etish, “Nigoh” ijodiy loyihasini yo‘lga qo‘yish, milliy akademik musiqa sanʼati bo‘yicha kompozitorlar tanlovini o‘tkazish taklif etildi.

   Madaniyat va sanʼatning taʼlim bilan uzviy hamkorligini mustahkamlash, talabalarning teatrlarda amaliy mashg‘ulotlarini kegaytirish, teatr sohasiga oid ilmiy-tadqiqot ishiga buyurtmalar berish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

   Teatr aktyor va rejissyorlari, teatrshunos va sanʼatshunoslarning mahorat maktablari tashkil etiladi. Teatr tanqidchilari va dramaturglar klubi tashkil etilib, ularning faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi. Har yili nodavlat teatrlarga ham davlat buyurtmasi beriladi.

   

 

   Umumiy va oliy taʼlim muassasalarida havaskor teatr jamoalari tuzilib, ular o‘rtasida tanlovlar o‘tkaziladi. Yoshlarni teatrlarga doimiy tashriflarini nazarda tutuvchi “Teatr – ibratxonadir” dasturi amalga oshiriladi.

   Kelgusi yildan O‘zbekiston teatr jamoalarining milliy reytingi tuziladi. Hududlardagi teatr binolari mukammal taʼmirlanib, zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilinadi. Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatriga “akademik” maqomi beriladi.

   Bundan tashqari, taqdimotda soha vakillarini rag‘batlantirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. 2025-yildan boshlab, madaniyat va sanʼat, axborot-kutubxona va muzeylar sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlar ish haqi miqdorlari oshirilishi belgilandi.

   Moddiy manfaatdorlik xodimning ish samaradorligi (KPI) ko‘rsatkichlariga bog‘lanadi. Unda aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish, ayniqsa, olis hududlarga gastrollar uyushtirish, yangi asarlar yaratish, iqtidorli yosh ijodkorlarni izlab topish kabi mezonlar inobatga olinadi.

   Shuningdek, 2025-yildan boshlab O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri xodimlarining ish haqlari oshirilib, munosib moddiy  rag‘batlantiriladi. Orkestr jamoasi tomonidan davlat buyurtmasi asosida har yili yangi musiqiy asarlar yaratiladi, mahoratli dirijyor, orkestr ijrochilarining mahorat maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Orkestri jamoasining yurtimiz hududlari va xorijiy gastrol safarlari tashkil etiladi, yirik korxona va tashkilotlar xodimlari uchun konsert namoyishlari tashkil etiladi.

   Shu bilan bir qatorda, davlatimiz rahbari tomonidan madaniyat va sanʼat taʼlimini yangi bosqichga ko‘tarish masalalari bo‘yicha ham alohida topshiriqlar berildi. Xususan, iqtidorli yoshlarni barvaqt aniqlash, saralash va o‘qitish bo‘yicha yaxlit tizim yaratish, shuningdek, umumiy o‘rta, maktabdan tashqari, kasbiy, oliy taʼlim tashkilotlari hamda madaniyat va sanʼat tizimidagi taʼlim muassasalarida o‘quv rejalari va dasturlarining o‘zaro muvofiqligini taʼminlash vazifasi qo‘yildi.